Ispaniyaning “Kadis” va BMB Trade Group kompaniyasi o‘rtasida besh yillik strategik hamkorlik shartnomasi imzolandi

Mamlakatimizda so‘nggi yillarda barcha sport turlari, shu jumladan milliy futbol rivojiga katta e’tibor qaratib kelinmoqda. Ushbu e’tibor davlat siyosati darajasida bo‘layotgani, jamoalarimizni jahon maydonlariga olib chiqish maqsadida amalga oshirilayotgan harakat barcha futbol ixlosmandlarini quvontirmoqda.

BMB Trade Group kompaniyasi ham ayni mana shu yo‘nalishga e’tibor qaratgan holda, Jizzaxning “Sug‘diyona” futbol jamoasiga o‘zining homiylik va xalqaro aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan faoliyatini amalga oshirib kelmoqda.

Joriy yilning 16-17 oktabr kunlari Ispaniyaning “Kadis” futbol klubi rahbariyati mamlakatimizga tashrif buyurgan edi. Muzokaralar davomida ushbu jamoa mutasaddilari BMB Trade Group kompaniyasi asoschisi Bekzod Mamatqulovni klub rahbariyati bilan muzokaralar olib borish uchun taklif etgan edilar.

Shu yilning 28 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasining Ispaniyadagi elchixonasi ko‘magida Bekzod Mamatqulov va “Kadis” futbol klubi vitse-prezidenti va ta’sischisi janob Rafael Jesus Contreras Chamorro o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi.

Bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakuni bo‘yicha jamoalar o‘rtasida o‘zaro tajriba almashishni nazarda tutuvchi hamda ilg‘or xorijiy tajriba asosida milliy futbolimizni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar ochishga qaratilgan besh yilga mo‘ljallangan Strategik hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma imzolandi.

Muzokaralardan so‘ng, BMB Trade Group kompaniyasi delegatsiyasi a’zolari mezbonlarning taklifiga binoan Ispaniya futbol La Ligasining “Kadis” va “Atletiko” (Madrid) klublari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan o‘yinda faxriy mehmon sifatida ishtirok etdilar.

Quvonarlisi shundaki, shu kuni "Ramon de Karransa" maydonida Ispaniya bayrog‘i bilan yonma-yon Ona Vatanimiz bayrog‘i qad ko‘tarib, O‘zbekiston Mustaqilligining 30-yilligi yana bir bor nishonlandi.

Shuningdek, afsonaviy ispan futbolchisi Alvaro Negredo bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv chog‘ida bugungi kunda ispaniyaliklarning qalbini zabt etib kelayotgan BMB Za’faron brendi ostidagi o‘zbek za’faroni an’anaviy sovg‘a sifatida tuhfa etildi.