Italiya – Markaziy Osiyo shaklidagi ikkinchi vazirlar konferensiyasi

2021 yil 8 dekabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi raisligida “Italiya – Markaziy Osiyo” shaklidagi ikkinchi vazirlar konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Konferensiyaning birinchi yig‘ilishi 2019 yil 13 dekabrda Rimda bo‘lib o‘tgan.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov, Italiya Tashqi ishlar va xalqaro hamkorlik vaziri Luidji Di Mayo, Qozog‘iston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – tashqi ishlar vaziri Muxtor Tleuberdi, Qirg‘iziston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Ruslan Kazakbayev, Tojikiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin, Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Teri Hakala ishtirok etdi. Yig‘ilishda Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari – tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov videokonferensaloqa orqali ishtirok etdi.
Konferensiya uchta alohida yalpi sesiyada o‘tkazildi:
1. “Markaziy Osiyodagi hozirgi tahdidlar va yangi imkoniyatlar, milliy ustuvorliklar”
2. “Xalqaro va mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikning dolzarb masalalari”
3. “Sog‘liqni saqlashning ustuvor masalalari va koronavirusga qarshi birgalikda chora-tadbirlarni ishlab chiqish”
Konferensiya doirasida “Markaziy Osiyo va Italiya o‘rtasidagi ilmiy hamkorlikni rivojlantirishning hozirgi holati va istiqbollari” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Ishtirokchilar mintaqaviy boshqaruvning konseptual modellari, barqaror va inklyuziv rivojlanish, madaniy merosni muhofaza qilish va targ‘ib qilish, ilmiy-akademik aloqalarni faollashtirish masalalarini o‘rgandilar.






