Jahonga mashhur meʼmor loyihasi asosida yangi muzey bunyod etiladi

Oʼzbekiston Davlat sanʼat muzeyining yangi binosi qurilishiga dunyoga mashhur arxitektorlar jalb qilindi. Muzey binosining meʼmoriy loyihasi jahonga mashhur meʼmor, «Pritzker» mukofoti sovrindori Tadao Аndoning «Tadao Ando Architect & Associates» meʼmoriy byurosi ishtirokida ishlab chiqiladi. Bosh loyihachi sifatida esa, «Atelier Brückner GmbH» (Germaniya) meʼmoriy byurosi ish olib boradi.

Oʼzbekiston Davlat sanʼat muzeyining yangi binosi uchun muhandislik va rejalashtirish ishlariga bagʼishlangan taqdimoti boʼlib oʼtdi.

Tadbirda Oʼzbekiston Respublikasi Bosh vazir oʼrinbosari, Turizm va sport vaziri Аziz Аbduhakimov, Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʼarmasi ijrochi direktori Gayane Umerova, qurilish vaziri oʼrinbosari Nasrullo Boboyev, “Atelier Brückner” byurosi vakillari, byuroning boshqaruv hamkori Eberxart Shlag, shuningdek Vazirlar Mahkamasi huzuridagi "Tashkent city" qurilish direktsiyasi vakillari qatnashdi.

Davlat rahbari topshirigʼiga muvofiq, Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʼarmasi taniqli oʼzbekistonlik investor va xayriyachi Аlisher Usmonov asos solgan «Sanʼat, fan va sport» xayriya jamgʼarmasi bilan hamkorlikda Oʼzbekiston Davlat sanʼat muzeyi yangi binosining qurilishi loyihasini amalga oshirmoqda.

Oʼzbekiston Davlat sanʼat muzeyi yangi binosining qurilishi 2022-2023 yillarda Toshkent shahrida, “Аbulqosim madrasasi”, “Istiqlol” sanʼat saroyi va Аlisher Navoiy haykali oraligʼida olib boriladi.

Tadbirda maʼlum qilinishicha, muzeyning dizayn kontseptsiyasi katta ekspozitsiya maydoni, muzey kollektsiyalarini saqlash xonasi, kutubxona, maʼruza xonasi, kafe hamda tom qismida terrasa va parkni oʼz ichiga olgan.

Taqdimot davomida obyektning bosh rejasi, ekspozitsiya maydoni, jamoatchilik uchun ajratilgan hudud, muzey kolleksiyalari xonasi, anjumanlar zali, restoran, kafe va auditoriyalar hamda kutubxonaning muhandislik va rejalashtirish qarorlari havola etildi. Muzeyni loyihalashtirish ishlari muzey maydoni faoliyatiga doir barcha eng yangi texnologiyalarini inobatga olgan holda olib borilmoqda.