Joriy yilda 500 ta loyiha ishga tushirilib, 27 mingta yangi ish o‘rni tashkil etiladi

31-yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida Toshkent shahrida amalga oshiriladigan loyihalar taqdimoti o‘tkazildi.

Dastlab aholi hayot darajasini mahallalar kesimida o‘rganish natijalari haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, davlatimiz rahbari ilgari surgan “Inson qadrini ulug‘lash” g‘oyasi bilan Toshkent shahrida Inson qadri indeksini joriy etish bo‘yicha taklif borasida ma'lumotlar berildi.

Taqdimotda investitsiya va eksport masalalari ham ko‘rib chiqildi. Unga ko'ra, bu yil poytaxtimizda 738 ta loyiha bo‘yicha jami 3 milliard 800 million dollar investitsiya o‘zlashtirilishi qayd etildi. Shundan 2 milliard dollari to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarga yo'naltiriladi. 500 ta loyiha joriy yilning o‘zida ishga tushirilib, 27 mingta yangi ish o‘rni tashkil etiladi.

Investitsiya loyihalarini mahallalar kesimida shakllantirish choralari, bu sohada 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan maqsadli ko‘rsatkichlar haqida ham axborot berildi.

Davlatimiz rahbari Toshkent shahrining moliyaviy, iqtisodiy imkoniyatlari kengligini, hududiy loyihalarni ko‘paytirib, har bir tumanga qo‘shimcha 100 million dollar jalb qilish mumkinligini ta’kidladi.

Tashqi savdo borasida ham “O'sish nuqtalari” belgilab olingan. Xususan, joriy yilda Toshkent shahri eksporti 1 milliard 400 million dollar bo‘lishi kutilayotgan bo‘lsa, 2026-yilga borib bu ko‘rsatkichni 2 milliard 500 million dollarga yetkazish mo‘ljallangan.