Joriy yilda dunyoda oziq-ovqat mahsulotlari narxi kamida 20 foizga o‘sishi prognoz qilinmoqda

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 18 iyul kuni oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishni va aholi daromadlarini ko‘paytirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Ma’lumki, dunyoda oziq-ovqat tanqisligi kuchayib bormoqda. Eksportga qo‘yilayotgan cheklovlar va transport-logistikadagi uzilishlar muammolarni yanada chuqurlashtirmoqda. Tahlillarga ko‘ra, joriy yilda dunyoda oziq-ovqat mahsulotlari narxi kamida 20 foizga o‘sishi prognoz qilinmoqda.

Mamlakatimizda aholi daromadining 40-50 foizi oziq-ovqatga sarflanadi. Shu bois bunday mahsulotlarni ko‘paytirib, narx-navoning aholi ro‘zg‘origa ta’sirini yumshatish choralari ko‘rilmoqda.

Xususan, yil boshida 80 ming gektar paxta va g‘alla maydonlari qisqartirilib, aholi uchun ajratildi. Odamlarga urug‘, ko‘chat va o‘g‘itdan yordamlashish bo‘yicha “Tomorqa xizmati” yo‘lga qo‘yildi. Tomorqalarda mahsulot yetishtirish uchun joriy yilning o‘zida 400 milliard so‘m imtiyozli kreditlar berildi.

Bunday imkoniyatlar natijasida mahsulot ko‘payib, narxlar tartibga tushmoqda. So‘nggi bir oyda ichki bozorda pomidor narxi o‘rtacha 3 baravarga, bodring 10 foizga, kartoshka 30 foizga, sabzi 15 foizga arzonladi. Bundan tashqari, 6 oyda 821 ming tonna yoki o‘tgan yilgiga nisbatan 102 ming tonna ko‘p meva-sabzavot eksport qilindi.

Yana bir muhim tomoni, ushbu ajratilgan yerlarda 785 ming aholining bandligi ta’minlandi.

– Bu juda katta imkoniyat. Bu orqali qo‘shimcha 1 million 200 ming aholini band qilish uchun sharoit yaratilmoqda. Eng asosiysi, agar tuman hokimi, hokim yordamchisi bu masalaga hisob-kitob bilan yondashsa, oziq-ovqat va ishsizlar masalasini bemalol hal qilsa bo‘ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.