Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi Spikeri bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi

“Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” 15-hamkorlik forumida ishtirok etish uchun Seul shahriga Markaziy Osiyo davlatlari delegatsiyalari rahbarlari tarkibida tashrif buyurgan Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov bugun, 24-oktabr kuni Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi Spikeri Kim Chjin Pxyo bilan uchrashdi.
Janubiy Koreya parlamenti rahbari Markaziy Osiyo mintaqasi Seulning tashqi siyosat strategiyasida Sharq va Gʻarb oʻrtasidagi asosiy bogʻlovchi sifatidagi ahamiyatini taʼkidladi.
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Koreya Respublikasi oʻrtasidagi iqtisodiyot, moliya, energetika, sanoat kooperatsiyasi, axborot texnologiyalari, elektron hukumat, qishloq xoʻjaligi, taʼlim, sogʻliqni saqlash kabi ustuvor yoʻnalishlarda erishilgan alohida strategik sheriklik darajasiga yuqori baho berildi.
Koreya tomoniga Oʻzbekiston parlamentida Koreya Respublikasi bilan hamkorlikning barcha yoʻnalishlaridagi loyihalarning samarali amalga oshirilishini nazorat qilish boʻyicha Oliy Majlis Senati Raisi rahbarligida tashkil etilgan maxsus komissiya haqida maʼlumot berildi.
Janubiy Koreya parlamenti Spikeri demokratik jarayonlarni chuqurlashtirish, qonun ustuvorligini taʼminlash, aholi turmush darajasi va sifatini oshirishga qaratilgan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi ahamiyatini yuqori baholadi.
Ikki mamlakat parlamentlari oʻrtasidagi hamkorlikni “xalq” diplomatiyasi va madaniy-gumanitar almashinuvlar yoʻli bilan rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.






