MAKON Marketing Forum 2022 to‘rtinchi xalqaro marketing biznes-forumi

Joriy yilning 21-may kuni “Hyatt Regency Tashkent”da yetakchi mahalliy va xorijiy ekspertlar, marketologlar va yirik kompaniyalar top-menejerlari ishtirokida “MAKON Marketing Forum 2022” to‘rtinchi xalqaro marketing biznes-forumi bo’lib o’tadi.

Forumga O‘zbekiston, Italiya, Sloveniya, Qzog‘iston, Rossiyadan ekspertlar taklif etilgan bo’lib, ular shaxsiy tajribalari va biznesning muvaffaqiyat sirlari bilan o’rtoqlashadilar.

Bu yil ilk bor forum uch tilda: ingliz, o‘zbek va rus tillarida bo’lib o’tadi. Bundan tashqari, dunyoning istalgan mamlakatidan qatnashish imkoniyatini yaratish uchun gibrid ishtirok formati qo‘llaniladi. Bu forumda onlayn qatnashish ham mumkinligini anglatadi.

Forum arafasida, 20-may kuni Marketing klubining yig‘ilishi o‘tkaziladi, 22-may kuni esa “Hyatt Regency Tashkent”da bir vaqtning o’zida 3 ta mahorat darslari tashkil etiladi.

Biznes-forum faoliyati yakunlangach “2021-yil brendi” V mukofoti g‘oliblarini tantanali taqdirlash marosimi o‘tkaziladi.

Bu yil iste'molchilarning ochiq ovoz berish jarayonlari @makon_brand_bot Telegram-boti orqali amalga oshirilib, barcha ishtirokchilar tomonidan faol qo‘lab-quvvatlandi. Unda 335 mingdan ziyod iste'molchi ishtirok etib, ular 25 ta nominatsiyada 230 ta brendga ovoz berdilar.

“2021-yil brendi” mukofotining 25 ta nominatsiyasi g‘oliblaridan tashqari, 21-maydagi Marosimda “Yil shaxsi”, “O‘zbekiston marketingi rivojiga qo‘shgan hissasi uchun” va “Yil kashfiyoti” kabi maxsus sovrinlar ham taqdim etiladi.

P.S. Forum tashkilotchilari – O‘zbekiston Respubliksi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi, O‘zbekiston marketing uyushmasi.