Mamlakatimizda yangi O‘zbekiston-AQSh BPO korporatsiyasi tashkil etiladi

2022-yil 24-iyun kuni Kaliforniya shtati Irvin shahrida O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, IT Park Uzbekistan va "LoadStop" kompaniyasi hamkorligida “Uzbekistan-USA: Logistics Technology & BPO Shared Opportunities” nomli tadbir tashkil etildi.
Tadbirda 50 dan ortiq BPO sohasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlar va Irvin shahri meri Farra Xan hamda Irvin Savdo-sanoat palatasi prezidenti Brayan Star boshchiligidagi davlat organlari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirdan ko‘zlangan maqsad – O‘zbekistonga biznes-jarayonlari autsorsingi yo‘nalishida yirik buyurtmalarni jalb etish, mavjud BPO kompaniyalari bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, O‘zbekistonda yangi BPO eksport korporatsiyasi ochilishi haqida e’lon qilish.
AKT vaziri Sherzod Shermatov O‘zbekistondagi yangi autsorsing bozori salohiyati haqida so‘z yuritar ekan, mamlakatimizda mavjud zarur shart-sharoitlar, jumladan, xalqaro talablarga mos qonunchilik, yosh iste’dodlarning ko‘pligi, zarur zamonaviy infratuzilma, soliq va bojxona imtiyozlari ta’minlanganligi hamda IT sohasida ta'lim yo‘lga qo‘yilganligiga urg'u berdi. Bu esa, o'z navbatida, O'zbekistonni autsorsing sohasidagi hamkorlik uchun eng jozibador davlatga aylantiradi.
Shuningdek, IT Park rezidenti “RevoTech” kompaniyasi tomonidan “LoadStop” nomli startapga sarmoya kiritilganligi alohida qayd etildi. Ta’kidlash joiz, qiymati 50 million AQSH dollaridan yuqori baholangan startap transportni boshqarishning innovatsion tizimini ko‘zda tutadi. Kompaniya esa uning hammuassisi hisoblanadi.






