MDH davlatlari rahbarlarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Mustaqil Davlatlar Tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining majlisida ishtirok etdi. Davlatimiz rahbari o‘z nutqida MDH doirasidagi sheriklikni mustahkamlashning muhim yo‘nalishlari yuzasidan o‘z nuqtai-nazarini bayon qildi.
Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev raisligida o‘tayotgan sammit ishida Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Armaniston Respublikasi Bosh vaziri Nikol Pashinyan, Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov hamda MDH Ijroiya qo‘mitasi raisi – Ijrochi kotibi Sergey Lebedev qatnashdi.
Kun tartibiga muvofiq delegatsiyalar rahbarlari tashkilot doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish va bu borada erishilgan natijalar yuzasidan fikr almashdilar, siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalarni yanada kengaytirish masalalarini ko‘rib chiqdilar.
Davlatimiz rahbari o‘z nutqida MDH doirasidagi sheriklikni mustahkamlashning muhim yo‘nalishlari yuzasidan o‘z nuqtai-nazarini bayon qildi. Hamdo‘stlik mamlakatlarida izchil iqtisodiy o‘sishga erishish muhimligi qayd etildi. Shuningdek, o‘zaro innovatsion hamkorlik va yoshlar masalasida munosabatlarni kengaytirish maqsadida Prezidentimiz kelgusi yilda O‘zbekistonda MDH mamlakatlari yosh olimlarining “Yoshlar innovatsiya tarafdori” shiori ostidagi birinchi kongressini o‘tkazishni taklif qildi.
2023-yilda Sankt-Peterburg shahrini MDHning madaniyat poytaxti deb e’lon qilinishi to‘g‘risidagi qaror qo‘llab-quvvatlandi. 2024-yilda madaniyat poytaxti nomini olishga Samarqand nomzodi ilgari surildi. Bundan tashqari, davlatimiz rahbari har yili shaxmat bo‘yicha Hamdo‘stlik ochiq kubogini o‘tkazishni taklif qildi.
So‘zining yakunida O‘zbekiston yetakchisi MDH Ijroiya qo‘mitasi raisi – Ijrochi kotibi Sergey Lebedevning vakolatlari navbatdagi muddatga uzaytirilishini ma’qulladi hamda Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovga 2023-yilda tashkilotga raislik faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi.
Sammit natijalari bo‘yicha ko‘p tomonlama hamkorlikning turli sohalariga oid qator muhim hujjatlar qabul qilindi.






