Misr OTM professor-oʻqituvchilari Oʻzbekistonda dars berishlari mumkin

19-fevral kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov Misr Arab Respublikasiga xizmat tashrifi doirasida Oliy taʼlim va ilmiy tadqiqotlar vaziri Ayman Ashur bilan muzokaralar oʻtkazdi.
Uchrashuv avvalida tomonlar 2022-yilning oktabr oyida imzolangan ikki davlat oʻrtasida ilm-fan, tadqiqotlar va innovatsiyalarni rivojlantirish yoʻnalishida hamkorlik aloqalarini oʻrnatish boʻyicha Anglashuv memorandumi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar borasida fikr almashdilar.
Misr oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilarini Oʻzbekistondagi oliy taʼlim muassasalarida dars berishlari masalasi boʻyicha fikr almashildi. Misr tomoni bu taklifni qoʻllab-quvvatlashini bildirdi. Tomonlar jurnalistika, turizm hamda aniq fanlar yoʻnalishlarida taʼlim beruvchi misrlik mutaxassislarni Oʻzbekistonga jalb qilish masalasiga kelishdilar.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim fan va innovatsiyalar vaziri hamda Misr Arab Respublikasi Oliy taʼlim va ilmiy tadqiqotlar vaziri hamkorlikdagi 2023-2024-yillarga moʻljallangan chora-tadbirlar rejasi loyihasini muhokama qilib, imzolashga kelishdilar.






