Moskvada Putin va Makron oʼrtasidagi muzokaralar yakunlandi

Rossiya va Fransiya yetakchilari Vladimir Putin va Emmanuel Makron oʼrtasidagi muzokara yakuniga yetdi.

Uchrashuv avvalida Putin hamkasbi bilan tez-tez aloqa qilib tursa-da, muhokama talab etiladigan koʼplab masalalar yigʼilib qolganini taʼkidladi. U Fransiya yetakchisiga xavfsizlik sohasi bilan bogʼliq muammolarni hal qilishdagi faol ishtiroki uchun minnatdorlik bildirdi. Putin, shuningdek, Ukrainadagi inqirozni hal qilish boʼyicha gʼoyalarni muhokama qilishga tayyor ekanini maʼlum qildi.

Аytishlaricha, Emmanuel Makron Moskvadan Kiyevga uchadi va u yerda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan muzokara oʼtkazadi. U Putin bilan oʼtkazilgan uchrashuvni yuqori baholadi.

Fransiya yetakchisi Yevropa manfaatlarini va Rossiyaning xavotirini ham inobatga olgan holda, Putin bilan muloqot oʼrnatishga harakat qilayotganini aytgan.

Soʼnggi kunlarda Rossiya Ukrainaga bostirib kirmoqchi boʼlayotgani haqida shov-shuvlar koʼpaydi. Kreml va RF Tashqi ishlar vazirligi bu xabarni rad etishda davom etmoqda. Mamlakat rasmiylari bu kabi yolgʼon maʼlumotdan maqsad Rossiya chegarasi yaqinida xorijiy harbiylarni yigʼish ekanini taʼkidlagan.