Namanganda takroriy pilla yetishtirish mavsumi jarayonlari bo‘yicha seminar tashkil etildi

Namangan viloyati “Agropilla” MCHJ tashabbusi bilan viloyatning Chortoq tumanida ipak qurti parvarishining uchinchi va to‘rtinchi mavsumlari bo‘yicha seminar tashkil etildi.
Seminarda viloyat va tuman hokimligi vakillari, viloyat va tuman “Agropilla” MCHJlari mutasaddilari, soha mutaxassislari agronomlar va kasanachi – pillakorlar ishtirok etishdi.
Seminar davomida viloyatda kuzgi pilla yetishtirish mavsumida amalga oshirilgan ishlar to‘liq tahlil qilindi. Mutasaddilar, mutaxassislar, agronomlar va pillakorlar yutuq va kamchiliklar, endilikda e’tibor qaratish zarur bo‘lgan jihatlar bo‘yicha alohida fikr almashishdi.
Shuningdek, takroriy pilla yetishtirish jarayonlarida alohida faollik ko‘rsatgan agronomlar va kasanachilar e’tirof etildi.
Eslatib o‘tamiz, viloyatda 10 mingga yaqin kasanachilar mehnati evaziga 3 360 quti ipak qurti parvarishlanmoqda va mavsumlar yakunida pillakorlar tomonidan 134 tonnadan ziyod pilla xomashyosi yig‘ib olinishi reja qilingan.






