NASA 2040-yilgacha astronavtlarni Marsga qoʼndirmoqchi

Bu haqida NASA rahbari Bill Nelson maʼlum qildi. Uning soʼzlariga koʼra, Marsda tadqiqotlar davom etmoqda.
Perseverance marsoxodi sayyoraning yuzini oʼrganayotgan boʼlsa, uning orbitasida avtomatik sayyoralararo stantsiyalar Marsning yuzi va atmosferasini tahlil qilmoqda.
Qayd etilishicha, NASA mutaxassislari Oy va Marsdagi hayotni taʼminlash masalasi bilan shugʼullanmoqda. "Bizning maqsadimiz — Oydagi hayot va faoliyatimiz haqidagi bilimlarimizni quyosh tizimidagi sayyoralarni yanada tadqiq qilish uchun qoʼllash", dedi Nelson.
Eslatib oʼtamiz, avvalroq АQSh prezidenti Jo Bayden 2023-moliya yili uchun budjet loyihasini taklif qilgan edi. Unga koʼra, NASA ilmiy tadqiqotlar, Yerni oʼrganish va kosmik texnologiyalarni rivojlantirish uchun taxminan 26 milliard dollar olishi mumkin.






