Navbatdagi muzokara Oʼzbekiston va Turkmaniston Prezidentlari o’rtasida bo’lib o’tmoqda

ShHT sammiti doirasidagi yana bir muhim tadbir - Oʼzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov bilan muzokaralari boshlandi.
Unda Oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilinmoqda.
Turkmaniston Prezidenti davlatimiz rahbariga Аrqadagʼ, Turkmaniston Milliy Kengashi Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedovning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Oliy martabali mehmon Samarqandda O‘zbekiston Prezidenti rahbarligida amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlarini alohida qayd etdi.
Prezidentlar O‘zbekiston bilan Turkmaniston o‘rtasidagi an’anaviy yaqin do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlari keyingi yillarda sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilgani va aniq amaliy mazmun bilan boyiganini mamnuniyat bilan ta’kidladilar.
Tovar ayirboshlash hajmi barqaror oshib borayotgani va yil boshidan 10 foizga ortgani ko‘rsatib o‘tildi. Logistika, sanoat, qishloq va suv xo‘jaligi sohalarida qo‘shma kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Hududlar hamkorligi va madaniy-gumanitar almashinuv kengayib bormoqda.






