Neft-kimyo Oʼzbekiston va Saudiya Аrabistoni oʼrtasidagi iqtisodiy sheriklik rivojining muhim omili

Joriy yilning 19-aprel kuni Аr - Riyod shahrida Oʼzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʼrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Saudiya Аrabistonining SABIC neft-kimyo korporatsiyasining shtab-kvartirasiga tashrif buyurib, uning bosh ijrochi direktori Yusef Аbdulloh al-Benyan bilan uchrashdi.

Uchrashuv davomida korporatsiya rahbariyati kompaniyaning faoliyati, uglevodorod xom ashyosini qayta ishlash, polimer mahsulotlari, kimyoviy moddalar, oʼgʼitlar va turli konstruktsiyalarni barpo etish uchun materiallar ishlab chiqarish sohasida erishgan yutuqlari, shuningdek, turli yoʼnalishlarda oʼzining innovatsion ishlanmalarini joriy qilish hamda kompaniyani oʼrta va uzoq muddatli istiqbolda yanada rivojlantirish rejalari toʼgʼrisida taqdimot oʼtkazdi.

Maʼlumot o’rnida: SABIC Industrial Corporation (Saudi Arabia Basic Industries Corporation) 1976-yilda Saudiya Аrabistonida tashkil topgan. SABIC bu oraliq mahsulotlar va polimerlar, oʼgʼitlar, faol kimyoviy moddalar va metallarni ishlab chiqaradigan koʼp tarmoqli kontserndir. SABIC guruhi polietilen ishlab chiqaruvi boʼyicha dunyoda uchinchi oʼrinda, poliolefinlar ishlab chiqaruvi boʼyicha toʼrtinchi oʼrinda va polipropilen ishlab chiqaruvi boʼyicha toʼrtinchi oʼrinda. Korporatsiya, shuningdek, dunyodagi eng yirik metil-tret-butil efir, polikarbonat, polifenilen va poliefir imid ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi.

Muloqot chogʼida kompaniya strategiyasi yuqori texnologiyali va xaridorgir mahsulotlar yaratish maqsadida xom ashyo va tabiiy resurslarni chuqur qayta ishlashga qaratilgan Oʼzbekiston davlat sanoat siyosatiga mos keladigan yuqori qoʼshimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishga asoslangani taʼkidlandi.