Nikohni qayd etishdagi muddatni oʼzgartirish chuqur tahlillarga asoslanishi lozim

Senatining yigirma toʼqqizinchi yalpi majlisida “Oʼzbekiston Respublikasining Oila kodeksiga oʼzgartishlar kiritish toʼgʼrisida”gi Qonun muhokama qilindi.

Qonun bilan kiritilayotgan oʼzgartishga asosan, 50 yoshdan oshgan nikohlanuvchi shaxslar yoki oʼrtada bolasi (bolalari) boʼlgan nikohlanuvchi shaxslar uchun, shuningdek homilador ayol va uning tugʼilajak bolasini oʼz bolasi deb tan oluvchi shaxs uchun tibbiy koʼrikdan oʼtish ixtiyoriy hisoblanishi koʼrsatilmoqda.

Shu bilan birga Oila kodeksiga kiritilayotgan oʼzgartishga koʼra nikohni qayd etishning bir oylik muddatini bekor qilish hamda nikoh tuzish fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlariga ariza berilganidan va belgilangan tartibda tibbiy koʼrikdan oʼtilgandan keyin amalga oshirilishi nazarda tutilmoqda.

Biroq ushbu normani kiritishda takliflar yetarli darajada asoslantirilmagan, shuningdek milliy va xorijiy mamlakatlar tajribasi chuqur oʼrganilib, tahlil qilinmagan.

Yuqoridagilarga asoslanib, senatorlar tomonidan “Oʼzbekiston Respublikasining Oila kodeksiga oʼzgartishlar kiritish toʼgʼrisida”gi Qonunni rad qilish toʼgʼrisida qaror qabul qilindi.