Nukusdagi tartibsizliklar tashkilotchilari va faol qarshilik ko‘rsatgan shaxslar qo‘lga olindi

Nukusda o‘tkazilgan noqonuniy miting munosabati bilan Qoraqalpogʼiston Respublikasi Joʼqorgʼi Kengesi, Qoraqalpogʼiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va Qoraqalpogʼiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining qo‘shma bayonoti e’lon qilindi.
Quyida bayonotning to‘liq matni keltirilgan:
Oʼzbekiston Respublikasida olib borilayotgan ochiqlik va xohish-irodani erkin ifoda qilish siyosatiga qaramay, 2022-yil 1-iyul kuni Nukus shahrida bir guruh jinoyatchi shaxslar Qoraqalpogʼiston Respublikasining davlat boshqaruvi organlarini egallashga urinishda ifodalangan gʼayriqonuniy harakatlarni tashkil etdi.
Populistik shiorlarni niqob qilib olib, fuqarolarning ongi va ishonchini manipulyatsiya qilib, tartibsizliklar tashkilotchilari hokimiyat vakillarining qonuniy talablariga boʼysunmay, respublika fuqarolarini Qoraqalpogʼiston Respublikasining maʼmuriy binolari oldidagi maydonga yigʼdilar.
Igʼvogarlar yigʼilgan fuqarolarga tayangan holda ushbu davlat muassasalarini egallab olishga va shu orqali jamiyatda ixtilof keltirib chiqarish, Oʼzbekistondagi ijtimoiy-siyosiy vaziyat barqarorligini izdan chiqarishga urindilar.
Huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan qabul qilingan qatʼiy choralar bilan tashabbuskorlarning gʼayriqonuniy xatti-harakatlari toʼxtatilib, ommaviy tartibsizlik uyushtirishga urinishlar tarqalishiga chek qoʼyildi.
Shuni ishonch bilan aytamizki, davlatimiz vaziyatni yanada beqarorlashtirilishiga yoʼl qoʼymaslik uchun barcha zarur salohiyatga ega. Ommaviy tartibsizliklar tashkilotchilarining bir guruhi hamda huquqni muhofaza etuvchi organlarga faol qarshilik koʼrsatgan shaxslar qoʼlga olingan. Hozirda ularga nisbatan tergov-surishtiruv harakatlari olib borilmoqda. Barcha igʼvogarlarning shaxsi aniqlanadi va ular amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortilishi taʼminlanadi.
Respublikadan tashqaridagi nosogʼlom kuchlarning Qoraqalpogʼistondagi vaziyat rivojiga, shu jumladan aniq yoʼnaltirilgan axborot xurujlari va roʼy berayotgan voqealarni qasddan buzib koʼrsatish orqali taʼsir qilishga urinishlari qayd etilmoqda.
Yuzaga kelgan vaziyatda jamoat xavfsizligi va barqarorligini taʼminlashda, fuqarolarni gʼayriqonuniy xatti-harakatlardan ogohlantirib, yuzaga kelgan masalalarni qonun doirasida hal qilishda birgalikda saʼy-harakat qilishga chaqiramiz.






