Oʼzbek-afgʼon hamkorligiga oid masalalar muhokama qilindi

Joriy yilning 4-iyul kuni Oʼzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʼrinbosari - Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov Аfgʼoniston sanoat va savdo vaziri vazifasini bajaruvchi Nuriddin Аziziy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Uchrashuv chogʼida investitsiyalar, savdo, transport va logistika sohasidagi oʼzbek-afgʼon hamkorligi kun tartibidagi masalalar yuzasidan fikr almashildi. Yuqoridagi yoʼnalishlarning har biri boʼyicha qoʼshma tashabbuslarni amalga oshirishga oid navbatdagi tadbirlar kelishib olindi.
Ikki tomonlama savdo aylanmasini koʼpaytirish va ikki mamlakat hududlari orqali yuk tashish hajmini oshirish boʼyicha birgalikda takliflarni tayyorlashga kelishildi. Shuningdek, oʼzaro manfaatli sheriklik salohiyatini oʼrganish maqsadida oʼzbek va afgʼon ishbilarmon doiralari oʼrtasida toʼgʼridan-toʼgʼri aloqalarni oʼrnatish boʼyicha birgalikda ish olib borishning istiqbollari qayd etildi.
Muloqot doirasida uchrashuv ishtirokchilari “Termiz – Mozori-Sharif – Kobul – Peshavor” trans-afgʼon temir yoʼlini qurish loyihasini amalga oshirish chora - tadbirlarini koʼrib chiqdilar. Joriy yil iyul oyining ikkinchi yarmida temir yoʼl yoʼnalishi boʼylab dala tadqiqotlarini tashkil etishning amaliy jihatlari muhokama qilindi.
Oʼzbekiston tomoni afgʼon xalqiga gumanitar yordam koʼrsatishni davom ettirish va Аfgʼoniston bilan ustuvor yoʼnalishlarda hamkorlikni rivojlantirishga tayyorligini bildirdi.






