Oʼzbekiston – Pokiston: Yanada mustahkam aloqalar

Islomobod shahrida Oʼzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʼrinbosari - Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Imron Xon bilan uchrashdi.
Suhbat chogʼida ustuvor yoʼnalishlarda ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va uni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi. Toshkent shahrida "Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy oʼzaro bogʼliqlik. Muammolar va imkoniyatlar" mavzusida oliy darajadagi Xalqaro konferensiyasi doirasida ikki davlat yetakchilarining boʼlib oʼtgan uchrashuvi strategik sheriklikni rivojlantirishga yangi turtki bergani taʼkidlandi.
Tomonlar Oʼzbekiston-Pokiston hamkorligining sermazmun kun tartibini muhokama qilib, investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy, transport va logistika hamkorligini yanada kuchaytirish chora-tadbirlariga alohida eʼtibor qaratdilar.
Shuningdek, uchrashuvda "Termiz-Mozori-Sharif-Kobul-Peshavor" trans-afgʼon temir yoʼlini qurish loyihasi va uni amalga oshirish boʼyicha navbatdagi tadbirlarga alohida eʼtibor qaratildi. Tomonlar ushbu tashabbus mintaqaning iqtisodiy rivojlanishini ragʼbatlantirish hamda transport va tranzit salohiyatini oshirish uchun muhimligini taʼkidlab, ilgari erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga oʼzaro sodiqligini taʼkidladilar.
Uchrashuv davomida, Termiz (Oʼzbekiston) va Peshavor (Pokiston) shaharlari, shuningdek, Oʼzbekiston Respublikasining Surxondaryo viloyati va Pokiston Islom Respublikasining Xayber-Paxtunxva provinsiyasi oʼrtasida ikki tomonlama aloqalarni oʼrnatish istiqbollari qayd etildi.






