Oʼzbekiston – YeIK: oʼzaro hamkorlik masalalari

Joriy yilning 12-iyul kuni Oʼzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʼrinbosari - Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov Yevrosiyo iqtisodiy komissiyasi (YeIK) Hay’ati raisi Mixail Myasnikovich boshchiligidagi YeIK delegatsiyasini qabul qildi.

Uchrashuv chogʼida Oʼzbekistonning kuzatuvchi davlat maqomida YeIK bilan oʼzaro hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Muhokama yakunlari boʼyicha tomonlar Oʼzbekiston Respublikasi hukumati va YeIKning 2021-2023-yillarga moʼljallangan amaldagi Qoʼshma tadbirlar rejasiga Hamkorlikning qoʼshimcha yoʼnalishlari roʼyxatini imzoladilar.

Unda mamlakatning tegishli vazirlik va idoralarining YeIKning tegishli boʼlinmalari bilan savdo, sanoat, bojxona va soliq maʼmuriyatchiligi, texnik jihatdan tartibga solish, sanitariya va fitosanitariya standartlari, energetika, farmasevtika, mehnat migratsiyasi va boshqa sohalarda oʼzaro hamkorlik qilish chora-tadbirlari koʼzda tutilgan.