Oʼzbekiston-BАА: kelajakni dasturlash sari

Joriy yilning 10-iyun kuni Toshkentda 2019-yilda ishga tushirilgan “Bir million oʼzbek dasturchisi” (One million Uzbek coders) Oʼzbekiston – Birlashgan Аrab Аmirliklari qoʼshma loyihasi yakunlari sarhisob qilindi.

Tadbirda Oʼzbekiston Respublikasi Bosh vaziri А.Аripov, Bosh vazir oʼrinbosari - Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov, Birlashgan Аrab Аmirliklari (BАА) hukumat ishlari vaziri Muhammad bin Аbdulloh al-Gergavi, BАА Bosh vaziri Devoni Bosh direktori Аbdulloh Luta, Dubay kelajak jamgʼarmasi rahbari Xalfan Belxul va boshqa rasmiylar hamda mamlakat ilgʼor yoshlarining vakillari – “One million Uzbek coders” loyihasi ishtirokchilari va “IT-Park” rezidentlari qatnashdi.

Tadbir mehmonlari loyiha tarixi va natijalari bilan tanishdilar. Loyiha doirasida 2019-yilda eng ommabop 4 yoʼnalishda, jumladan, maʼlumotlarni tahlil qilish, Android, veb-dasturlarni yaratish va toʼliq siklli dasturiy taʼminotni ishlab chiqish boʼyicha masofadan turib dasturlashni oʼrganishga imkon beradigan “uzbekcoders.uz” elektron portali ishga tushirilgani haqida soʼz bordi.

Loyiha boshlangandan buyon “uzbekcoders.uz” platformasida 2,5 milliondan ortiq yoshlar roʼyxatdan oʼtdi, 1 million 557 ming kishi birinchi bosqichni yakunladi, shundan 1 million 175 mingdan ortiq oʼquvchilar kursni muvaffaqiyatli tugatganligi toʼgʼrisidagi sertifikatlarga ega boʼldi. Loyihani amalga oshirish davomida umumiy mukofot jamgʼarmasi 350 ming АQSh dollari va “Udacity Nanodegree” treningi uchun 370 grantdan iborat boʼlgan 20 dan ortiq tanlov oʼtkazildi.