Oʼzbekiston Fransiyaning faol va ishonchli iqtisodiy hamkori

Joriy yilning 4-iyul kuni Oʼzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʼrinbosari - Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov “MEDEF International” Fransiya tadbirkorlar harakati Fransiya - Oʼzbekiston ishbilarmonlar Kengashi raisi, “Orano” kompaniyasi boshqaruvi raisi Klod Imoven boshchiligidagi Fransiya delegatsiyasini qabul qildi.
Delegatsiya tarkibiga Fransiya Respublikasining Oʼzbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor elchisi Bushez Oreliya, Fransiyaning “Orano Mining”, “SUEZ”, “Voltalia”, “EDF”, “MEDEF International” va “Alstom” kompaniyalari rahbariyati ham kirdi.
Tomonlar Fransiya kompaniyalari bilan investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirishning bugungi holati va istiqbollarini konstruktiv tarzda muhokama qildilar. Аyni paytda mamlakatda geologiya-qidiruv, energetika, infratuzilma, turizm va qishloq xoʼjaligi kabi sohalarga ixtisoslashgan 50 ga yaqin fransuz kompaniyalari faoliyat yuritayotgani taʼkidlandi.
“MEDEF” rahbariyati Oʼzbekiston Fransiyaning faol va ishonchli iqtisodiy hamkori ekanligini taʼkidlab, mamlakatda yangi loyihalarni amalga oshirish uchun yirik fransuz tadbirkorlarini jalb qilish boʼyicha saʼy-harakatlarni faollashtirishga tayyorligini bildirdi.
Fransiya biznes hamjamiyati vakillari oʼzilarining Oʼzbekistonda ishlash rejalarini bayon qilib, tegishli yoʼnalishlarda qoʼshma loyiha va tashabbuslarni ishlab chiqish doirasida oʼzbekistonlik sheriklar bilan joriy hamkorlik haqida soʼz yuritdi.
Bevosita uchrashuv davomida uning ishtirokchilari, shu jumladan, Oʼzbekistonning tegishli vazirlik va idoralari vakillari koʼrib chiqilgan hamkorlik yoʼnalishlarini ilgari surish boʼyicha navbatdagi tadbirlarni ishlab chiqish imkoniyatiga ega boʼldilar.






