Oʼzbekiston-Ummon: iqtisodiy sheriklikning yangi bosqichi

Oʼzbekiston Respublikasi va Ummon sultonligi oʼrtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik boʼyicha hukumatlararo komissiyaning 4-yigʼilishi videokonferensiya shaklida oʼtkazildi.

Yigʼilishga Oʼzbekiston tomonidan investitsiyalar va tashqi savdo vazirining oʼrinbosari Sh.Vafaev, Ummon tomonidan esa - tashqi ishlar vazirining oʼrinbosari Shayx Xalifa bin Аli Аl-Xarisiy hamraislik qildi. Tadbirda ikki mamlakatning asosiy vazirlik va idoralari rahbarlari ham ishtirok etdi.

Tadbir kun tartibiga investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar, ilmiy-texnologik hamkorlik, shuningdek, turizm, transport, inson resurslari va ijtimoiy qoʼllab-quvvatlash sohalarida ikki tomonlama munosabatlarni yanada chuqurlashtirish masalalari kiritildi.

Muhokama chogʼida yigʼilish ishtirokchilari koʼp qirrali ikki tomonlama hamkorlikning oʼsish nuqtalarini aniqlab, istiqbolli yoʼnalishlarda yangi qoʼshma loyihalar, dasturlar va tashabbuslarni ilgari surish mexanizmlarini kelishib olishdi.

Neft va gaz, kimyo, energetika va elektrotexnika sanoati, oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish, qurilish materiallari, turizm va boshqa sohalarda investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish va oʼzaro savdoni rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi. Savdo aylanmasini oshirish imkoniyatlarini birgalikda oʼrganish, mavjud savdo toʼsiqlarini bartaraf etish boʼyicha takliflar tayyorlash yuzasidan kelishuvga erishildi.

Ikki mamlakat ishbilarmon doiralari oʼrtasida yaqin aloqalar oʼrnatish va tadbirkorlarni qoʼshma loyihalarni amalga oshirishga jalb qilish boʼyicha birgalikda ishlashga oʼzaro tayyorlik bildirildi. Ikki davlat tadbirkorlari oʼrtasidagi sheriklikning ustuvor yoʼnalishlarini koʼrib chiqish va yangi biznes tashabbuslarini hayotga tatbiq etishni amaliy qoʼllab-quvvatlash mexanizmlarini ishlab chiqish rejalashtirildi.

Umumiy qiymati qariyb 200 mln. dollarga teng boʼlgan investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirgan “UzOman Capital” oʼzbek-oʼmon investitsiya kompaniyasi faoliyati eʼtirof etildi. Tomonlar oʼmonlik va xorijiy investorlarning sarmoyalarini jalb etish maqsadida yaratilgan mazkur samarali qoʼshma platformadan faol foydalanishga kelishib oldilar.

Yigʼilish yakunida koʼrib chiqilgan har bir sohada kelgusida hamkorlik qilish toʼgʼrisidagi kelishuvlarni aks ettiruvchi bayonnoma imzolandi.