Oʼzbekiston va Pokiston Hukumatlararo komissiyasining 7-yigʼilishi o’tkazildi

Islomobod shahrida Oʼzbekiston Respublikasi bilan Pokiston Islom Respublikasi oʼrtasidagi savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy hamkorlik boʼyicha Hukumatlararo komissiyasi (HK)ning 7-yigʼilishi boʼlib oʼtdi. Yigʼilishga Oʼzbekiston tomonidan Bosh vazir oʼrinbosari - Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov, Pokiston tomonidan Bosh vazirning savdo va investitsiyalar boʼyicha maslahatchisi Аbdul Razzoq Dovud hamraislik qildi.
Yigʼilish kun tartibiga savdo-iqtisodiy, investitsiyalar, transport va logistika sohasidagi hamkorlik, oziq-ovqat xavfsizligi, taʼlim, innovatsiyalar, ilm-fan, axborot texnologiyalari, turizm va hududlararo aloqalar yoʼnalishidagi munosabatlar kabi keng koʼlamli masalalar kiritildi.
Tomonlar ikki mamlakat oʼrtasida Imtiyozli savdo toʼgʼrisidagi bitim yuzasidan kelishish jarayoni muvaffaqiyatli yakunlanganini mamnuniyat bilan qayd etdilar. Hujjat imzolanganidan keyin uni amalga oshirish uchun qoʼshma “Yoʼl xaritasi”ni ishlab chiqish boʼyicha yakdil fikrga kelindi. Shuningdek, yaqin kelajakda Oʼzbekiston-Pokiston tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazish maqsadida oʼzaro savdoning mavjud salohiyatidan foydalanish boʼyicha faol ish olib borishga kelishildi.
Ikki mamlakat tadbirkorlari oʼrtasida sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish chora-tadbirlari koʼrib chiqildi. Oʼzbekiston va Pokiston oʼrtasida 2022-yilga moʼljallangan sanoat kooperatsiyasi dasturini birgalikda ishlab chiqishga oʼzaro tayyorlik bildirildi.
Shuningdek, transport va tranzit sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga ham ustuvor ahamiyat berildi. “Termiz – Mozori-Sharif - Kobul – Peshavor” trans–afgʼon temir yoʼlini qurish loyihasini amalga oshirishni jadallashtirish, toʼgʼridan – toʼgʼri aviaqatnovlarni yoʼlga qoʼyish hamda qoʼshma infratuzilmaviy loyihalarni hayotga tatbiq etish boʼyicha navbatdagi tadbirlar ishlab chiqildi. Belgilangan vazifalarni hal qilishda tizimli yondashuvni amalga oshirish uchun HK doirasida transport va logistika boʼyicha alohida kichik komissiya tuzishga qaror qilindi.
Yigʼilish yakunida tadbirda erishilgan barcha kelishuvlarni aks ettiruvchi tegishli bayonnoma imzolandi.






