Oʼzbekiston va Saudiya Аrabistoni oʼrtasidagi investitsiyaviy hamkorlikning yangi bosqichi

Аr-Riyod shahrida Bosh vazir oʼrinbosari - Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Saudiya Аrabistoni Podshohligi investitsiyalar vaziri Xolid al-Falih bilan boʼlib oʼtgan uchrashuvda ikki davlat oʼrtasidagi investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishning bugungi holati va istiqbollarini muhokama qildi.
Hozirgi kunda Oʼzbekistonda Saudiya Аrabistoni kapitali ishtirokidagi 40 ga yaqin korxona faoliyat koʼrsatmoqda. Shu bilan birga, investitsiya sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish uchun foydalanilmagan imkoniyatlarni hisobga olgan holda, tomonlar kimyo, metallurgiya, togʼ - kon va toʼqimachilik sanoati, shuningdek, qishloq xoʼjaligi kabi sohalarda yangi loyihalarni amalga oshirish istiqbollarini muhokama qildilar va ushbu loyihalarda ishtirok etish uchun Oʼzbekiston va Saudiya Аrabistoni ishbilarmon doiralari vakillarini jalb qilish yuzasidan birgalikda ishlashga kelishib oldilar.
Oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan loyihalarga alohida eʼtibor qaratildi. Tomonlar qishloq xoʼjaligi va qishloq xoʼjaligi mahsulotlarini qayta ishlash sohalarida innovatsion va suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilishni nazarda tutuvchi alohida investitsiya portfelini shakllantirishga kelishib oldilar. Shuningdek, toʼqimachilik sanoatidagi hamkorlik muhokama qilindi.
Suhbat chogʼida joriy yil mart oyida Toshkentda boʼlib oʼtgan Savdo, iqtisodiyot, fan va texnologiyalar, madaniyat, sport va yoshlar sohasida kelishuvni nazorat qilish boʼyicha hukumatlararo komissiyaning 5-yigʼilishi hamda Oʼzbekiston-Saudiya Аrabistoni Ishbilarmonlar kengashining 3-yigʼilishida erishilgan kelishuvlar ijrosi ham koʼrib chiqildi. Shuningdek, kelishilgan loyiha va tashabbuslarni yanada faol ilgari surish yuzasidan bir qator masalalar ustida ish olib borildi.
Uchrashuv yakunida ikki mamlakat oʼrtasida oʼzaro manfaatlar kesishuvining yangi nuqtalarini kashf etishga hamda oʼzaro manfaatli investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan keyngi qoʼshma harakatlar belgilandi.






