Oʼzbekistonda qiymati 14 milliard dollardan ziyod 100 yaqin investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda

Joriy yilning 6-iyun kuni Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida Koreya Respublikasining Oʼzbekiston Respublikasidagi yangi tayinlangan Favqulodda va Muxtor Elchisi Kim Xi Sang bilan muzokaralar oʼtkazildi.

Uchrashuv chogʼida Oʼzbekiston-Koreya hamkorligining bugungi kun tartibi, erishilgan kelishuvlarning bajarilishi, shuningdek, boʼlajak tadbirlarga tayyorgarlik holati muhokama qilindi.

Bugungi kunda Koreya kompaniyalari bilan birgalikda Oʼzbekistonda qiymati 14 milliard dollardan ziyod 100 yaqin investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Oʼzbekiston iqtisodiyotiga kiritilgan toʼgʼridan-toʼgʼri Koreya investitsiyalari hajmi 7 milliard dollardan oshdi.

Soʼnggi besh yil ichida Oʼzbekistonda Koreya kapitali ishtirokidagi korxonalar soni ikki baravar koʼpaydi (1 iyun holatiga – 900).

Mamlakatlar oʼrtasidagi oʼzaro savdo hajmini faollashtirishga ham eʼtibor qaratildi. Soʼnggi besh yil ichida tovar aylanmasi ikki baravarga oshdi va 2021-yilda 1,8 milliard dollarga yetdi. Joriy yilning birinchi choragi yakunlariga koʼra, ushbu koʼrsatkich 51 foizga (630,4 million dollar) oshdi. Tomonlar ikki mamlakat rahbariyati tomonidan belgilangan maqsadlarga erishish va oʼzaro savdo hajmini 2025-yilga qadar 5 milliard dollarga yetkazish boʼyicha saʼy-harakatlarni faollashtirishga kelishib oldilar.