O‘zbekiston – Xitoy: umumiy qiymati 15 milliard dollarlik kelishuvlar imzolandi

Samarqanddagi “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro turizm markazining Kongress markazida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning muzokaralari bo‘lib o‘tdi.

Muzokaralar davomida qator dolzarb masalalar muhokama qilindi. Davlat rahbarlari hududlar o‘rtasidagi aloqalarni faollashtirish zarurligini ta’kidladilar. Shu maqsadda joriy yil yakuniga qadar O‘zbekistonda ikki mamlakat hududlarining birinchi forumini o‘tkazish taklif etildi.

Gumanitar hamkorlik, shu jumladan, sog‘liqni saqlash, vaksinalar ishlab chiqarish, fan, ta’lim va madaniyat sohalaridagi qo‘shma dasturlarni kengaytirish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.

Kelgusi yilda o‘zaro do‘stlik va anglashuvni yanada mustahkamlashga xizmat qiladigan O‘zbekiston va Xitoy xalqlari madaniyati va san’ati yilini o‘tkazishga kelishib olindi.

Xitoy yetakchisi O‘zbekistonning Shanxay hamkorlik tashkiloti raisi sifatidagi faoliyatini, buning natijasida tashkilotni kengaytirish va xalqaro nufuzini mustahkamlash bo‘yicha muhim qarorlar qabul qilinganini yuksak baholadi.

Tadbir yakunida umumiy qiymati 15 milliard dollarlik ustuvor loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va moliyaviy-texnik hamkorlikka doir kelishuvlar imzolandi.

Muzokaralar yakunida Si Szinpin O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni javob tashrifi bilan Xitoyga borishga taklif etdi.