O‘zbekiston avgust oyida oltin zaxiralarini 9 tonnaga oshirib, jahonda 2-oʻrinni egalladi

Jahon Oltin Kengashining (WGC) ma'lumotiga ko’ra, oʻtgan oyda dunyo markaziy banklari valyuta zaxiralari uchun 19,6 tonna oltin sotib olgan.
Ta'kidlanishicha, bunda Turkiya asosiy xaridorga aylangan va avgust oyida mamlakat yana 8,9 tonna oltin sotib olib, zaxirasini 478,2 tonnagacha oshirgan.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston avgust oyida zaxiralarini 9 tonnaga oshirish bilan ikkinchi oʻrinni egallagan. Hozir mamlakatning oltin zahiralari 381 tonnadan ortiq (umumiy zahiraning 59%).
Bundan tashqari, iyul oyida 11 tonnalik pasayishdan soʻng, Qozogʻiston avgust oyida oltin zaxiralarini 2 tonnaga oshirgan. Uning umumiy oltin zahirasi hozir 375 tonnani tashkil etmoqda, bu yil boshidagiga qaraganda deyarli 28 tonnaga kam.
Shuningdek, qayd etilishicha, barcha aniq ma’lumotlar oshkor etilmaganligi sababli “WGC” statistikasiga oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.






