O‘zbekiston Buyuk Britaniya bilan savdo va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytiradi

Oʻzbekistonda eksportga yoʻnaltirilgan qoʻshma ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish uchun britaniyalik investorlarni jalb qilish, shuningdek, oʻzbekistonlik ishlab chiqaruvchilar va eksportchilar uchun “GSP Enhanced Framework” tizimining imtiyozlaridan samarali foydalanish boʻyicha treninglar va amaliy seminarlar tashkil etiladi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati xabariga koʻra, kecha, 7-iyun kuni Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Sardor Umurzakov Buyuk Britaniya Davlat kotibining xalqaro savdo boʻyicha oʻrinbosari (eksport vaziri) Mayk Frirni qabul qildi.

Britaniya delegatsiyasi tarkibida London fond birjasi hamda “Standard Chartered” va “TheCityUk” moliyaviy korporatsiyalari vakillari ham bor edi.

Uchrashuvda Oʻzbekistonda eksportga yoʻnaltirilgan qoʻshma ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish uchun britaniyalik investorlarni jalb qilish, shuningdek, oʻzbekistonlik ishlab chiqaruvchilar va eksportchilar uchun “GSP Enhanced Framework” tizimining imtiyozlaridan samarali foydalanish boʻyicha treninglar va amaliy seminarlar tashkil etishga kelishib olingan.

Shuningdek, investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilingan. Soʻnggi bir necha yil ichida Oʻzbekistonda faoliyat koʻrsatayotgan Britaniya korxonalari soni 40 foizga oshgani alohida taʼkidlandi. Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash, chorvachilik, biofarmasevtika, toʻqimachilik sanoati, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va “yashil” energetika sohasidagi loyihalarni amalga oshirish uchun Britaniyaning yangi kompaniyalarini jalb qilish doirasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilingan.

Tomonlar, shuningdek, joriy yilning oktabr oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan 26-O‘zbekiston-Britaniya Savdo va sanoat kengashiga (UBTIC) tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha ishlarni faollashtirishga kelishib olgan. Tadbir ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, iqtisodiy hamkorlikning yangi “o‘sish nuqtalarini” aniqlash hamda O‘zbekiston iqtisodiyotining istiqbolli tarmoqlariga Britaniya sarmoyasi va texnologiyalarini jalb etish imkonini beradi.