O‘zbekiston delegatsiyasi O‘zbekiston va Ozarbayjon tadbirkor ayollarining biznes-forumida ishtirok etdi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi parlament delegatsiyasi rasmiy tashrif bilan Ozarbayjon Respublikasida bo‘lib turibdi. 2022- yilning 29-iyun kuni tashrif doirasida O‘zbekiston va Ozarbayjon tadbirkor ayollarining birinchi biznes-forumi bo‘lib o‘tdi.

Forumda mamlakatimiz iqtisodiyotining deyarli barcha tarmoqlari, xususan, sanoat, xizmat ko‘rsatish, qishloq xo‘jaligi, hunarmandchilik kabi sohalarni qamrab olgan O‘zbekiston tadbirkor ayollari delegatsiyasi ishtirok etdi.

Tadbirda so‘zga chiqqan har ikki mamlakat tadbirkor ayollari ikki mamlakatning turli sohalarida tadbirkorlikni rivojlantirish va ularning salohiyatini yuksaltirish borasida tajriba almashish va dolzarb muammolarni muhokama qilish uchun qulay maydonga aylangan ushbu forumning ahamiyati va dolzarbligini taʼkidladi.

Tadbir so‘ngida Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha komissiya huzuridagi Tadbirkor ayollar klubi hamda Ozarbayjonda ayollar tadbirkorligini rivojlantirish uyushmasi o‘rtasida ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

Ikki mamlakat tadbirkor ayollari o‘rtasida “B2B” formatida o‘tkazilgan uchrashuvlar natijasida 54 mln dollardan ortiq miqdorda 19 ta shartnoma va memorandumlar imzolandi.