O‘zbekiston delegatsiyasi YuNESKO Bosh konferensiyasining 41-sessiyasida ishtirok etdi

Parij shahrida YuNESKO Bosh konferensiyasining 41-sessiyasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Aziz Abduhakimov umumsiyosiy debatlarda nutq so’zladi.
Tadbirda YuNESKO rahbariyati, Bosh konferensiya va Ijroiya kengashi tarkibi hamda Tashkilotga aʼzo davlatlar delegatsiyalari ishtirok etishdi.
O‘zbekiston tomon Prezident Sh.M.Mirziyoyev nomidan YuNESKO Bosh direktori Odri Azuleni ikkinchi muddatga saylangani bilan samimiy qutladi. Tadbir ishtirokchilariga O‘zbekistonda YuNESKO vakolatiga kiruvchi sohalarni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
YuNESKO bilan oʻzaro hamkorlikni faollashtirish boʻyicha istiqboldagi rejalarga muvofiq, respublika aʼzolikka oʻz nomzodini koʻrsatgan Ijroiya kengashi va Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish boʻyicha Hukumatlararo qoʻmita faoliyatida Oʻzbekistonning ishtirokini oshirish, “Baxshi sanʼati” va “Ipak yoʻling Zarafshon-Qayroqqum yoʻlagi” tegishli roʻyxatlarga kiritish, Xalqaro axborotdan foydalanish kunini nishonlash boʻyicha global konferensiya tashkil etish, shuningdek, universal kirish, bioxilma-xillik va geoparklarni targʻib qilish kabi yoʻnalishlarga eʼtibor qaratilmoqda.
Umumsiyosiy debatlarda 50 ga yaqin davlat delegatsiyasi rahbarlari, jumladan, tashqi ishlar, taʼlim, madaniyat, fan va sport vazirlari maʼruza qilishdi. Delegatlar o‘z ma’ruzalarida YuNESKO faoliyatining turli jihatlariga to‘xtalib o‘tishdi. Tashkilotga a’zo mamlakatlar va tashkilot o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati hamda uni rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi. YuNESKO'ning o’z vakolatlari doirasidagi asosiy yo‘nalishlarini ilgari surish borasidagi faoliyat samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflar bildirildi.






