O‘zbekiston elchisi va AQSh Mehnat departamenti direktori majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasidagi hamkorlik masalalarini muhokama qildi

30-noyabr kuni O‘zbekiston elchisi Javlon Vahobov AQSh Mehnat departamentining Bolalar majburiy mehnati va odam savdosi boshqarmasi direktori Marcia Eugenio bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston qonunchiligidagi so‘nggi o‘zgartirishlar hamda majburiy mehnatning oldini olish va to‘liq barham berishga qaratilgan huquqni muhofaza qilish choralarini kuchaytirish haqida ma’lumot berildi.
Marcia Eugenio O‘zbekiston hukumati bilan yo‘lga qo‘yilgan ochiq va konstruktiv muloqot uchun minnatdorlik bildirib, mamlakatda majburiy mehnatga barham berish borasida sezilarli yutuqlarga erishilganini ta’kidladi.
AQSh Mehnat departamenti vakili O‘zbekiston Senatining 19-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan yalpi majlisida mamlakatimiz qonun hujjatlariga voyaga yetmaganlarning huquq va qonuniy manfaatlarini samarali himoya qilishga, shu jumladan, huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni oshirishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar ma’qullanganini alohida ta'kidladi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha 17-dekabr kuni Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish bo‘yicha Milliy komissiya raisi Tanzila Narboyeva va AQSh Mehnat vaziri o‘rinbosari Tea Li o‘rtasida muntazam maslahatlashuvlar o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.






