O‘zbekiston korxonalari ilk bor IFA Berlin 2022 yirik halqaro ko‘rgazmasida ishtirok etmoqda

2-6 sentabr kunlari Germaniyaning Berlin shahrida maishiy elektrotexnika mahsulotlarining yirik “IFA Berlin 2022” halqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda.
Ushbu ko‘rgazma ilk bora o‘z eshiklarini 1924 yilda ochgan va har yili sentabr oyida o‘tkaziladi. “Berlin Radio Shou” deb ham ataladigan ushbu ko‘rgazma Germaniyadagi eng uzun tarixga ega va dunyodagi eng mashhur sanoat ko‘rgazmalaridan biridir. Ko‘rgazmada maishiy elektrotexnika sohasining so‘ngi yutuq va imkoniyatlari dunyoning yirik brendlari tomonidan namoyish etiladi. Pandemiyadan oldin 2019 yilda bo‘lib o‘tgan oxirigi ko‘rgazmada 1900 dan ortiq firma va kompaniyalari 159 ming kv.m. maydonda o‘z mahsulotlarini namoyish etishgan. Ko‘rgazmaga esa 240 mingga yaqin odam tashrif buyurgan.
O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni rag‘batlantirish agentligi, O‘zeltexsanoat uyushmasi va mamlakatimizning Germaniyadagi elchixonasi tashabbusi bilan bu yilgi ko‘rgazmada ilk bora “Made in Uzbekistan” milily stendi tashkil qilindi. Unda O‘zbekistonning maishiy texnika ishlab chiqaruvchi Artel, IDEAL Electrolux, Smart, Verre, Vitech, va Sirius yirik korxonalari mahsulotlari namoyish etiladi.
Ushbu yirik halqaro ko‘rgazmada “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” belgisi ostidagi mahsulotlarimiz uchun yangi bozorlar topish va eksport shartnomalari imzolash ko‘zda tutilgan.






