O‘zbekiston Prezidenti Janubiy Koreya ishbilarmon doiralari vakillari bilan uchrashdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Seul shahrida Koreya Respublikasining yetakchi kompaniyalari va moliyaviy tuzilmalari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Tadbirda Koreya Respublikasi savdo, sanoat va energetika vaziri Mun Sin Uk, Koreya xalqaro savdo uyushmasi raisi Kristofer Ku, Koreya Eksimbanki, Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA), «SK Ecoplant», «Posco», «Samsung», «SK Nexilis», «Youngone», «KIA Motors», «K-water», «KT-Net» va ko‘plab boshqa kompaniyalar rahbarlari ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbari Koreya kompaniyalarini birgalikda yangi, keng ko‘lamli tashabbuslarni ishlab chiqishga chaqirdi.

Janubiy Koreya ishbilarmon doiralari vakillari O‘zbekistonda faol tadbirkorlik uchun yaratilgan sharoitlarni yuksak baholadi va investitsion hamkorlikni rivojlantirishga katta qiziqish bildirdi.

Uchrashuvda Koreya kompaniyalari bilan hamkorlikda raqamlashtirish, “yashil” energetika, mashinasozlik, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik sanoati, farmatsevtika, geologiya sohalari va boshqa ko‘plab yo‘nalishlarda umumiy qiymati 5 milliard dollardan ortiq 40 ta yangi loyihani amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Prezidentimiz Koreya kompaniyalari rahbarlarini O‘zbekistonga kelish va u yerda xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay sharoitlardan foydalanishga taklif etdi.

Shu bilan O‘zbekiston Prezidentining Koreya Respublikasiga davlat tashrifi yakuniga yetdi, davlatimiz rahbari Toshkentga jo‘nab ketdi.