O‘zbekiston prezidenti Qirg‘iziston prezidentini tabrikladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 6 dekabr kuni Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov bilan telefon orqali muloqot qildi.

Davlatimiz rahbari Qirg‘iziston Prezidentini tug‘ilgan kuni bilan samimiy tabriklab, unga mustahkam sog‘lik, farovonlik va ulkan muvaffaqiyatlar, qardosh qirg‘iz xalqiga tinchlik va farovonlik tiladi.

Davlat rahbarlari O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalariga asoslangan strategik sheriklik izchil mustahkamlanib borayotganini mamnuniyat bilan ta'kidladilar.

Turli darajadagi konstruktiv muloqot va faol almashinuvlarni davom ettirish, tovar ayirboshlash hajmini oshirish, mashinasozlik, energetika va elektrotexnika, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika va boshqa sohalarda muhim hamkorlik loyihalarini birgalikda ilgari surish muhimligi qayd etildi. Tadbirkorlik va mintaqaviy darajadagi amaliy hamkorlikni kengaytirish, madaniy-gumanitar dasturlarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.

Suhbat davomida xalqaro va mintaqaviy kun tartibi yuzasidan ham fikr almashildi.

Telefon orqali uchrashuv har doimgidek iliq, samimiy va do'stona ruhda o'tdi.