O‘zbekiston Prezidenti Rossiya FXX direktorini qabul qildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev kuni kecha mamlakatimizda amaliy tashrif bilan bo‘lgan Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FXX) direktori Aleksandr Bortnikovni qabul qildi.
O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati xabariga ko‘ra, uchrashuv avvalida Aleksandr Bortnikov davlatimiz rahbariga Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.
O‘zbekiston-Rossiya strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi. Joriy yilning 19 noyabr kuni Moskva shahrida bo‘lib o‘tgan ikki tomonlama sammitning samarali natijalari yuqori baholandi.
Xavfsizlikka zamonaviy tahdidlarga, jumladan, terrorizm, ekstremizm, uyushgan jinoyatchilik, kiberjinoyatchilik, narkotik moddalarning noqonuniy aylanishi va boshqa tahdidlarga qarshi kurashish bo‘yicha ikki mamlakat vakolatli organlari o‘rtasida muntazam aloqalarni davom ettirish va amaliy hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.






