O‘zbekiston-Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 9 barobarga oshdi

Joriy yilning 23-dekabr kuni Saudiya Arabistoni Podshohligi delegatsiyasining O‘zbekiston Respublikasiga tashrifi doirasida O‘zbekiston-Saudiya Arabistoni biznes-forumi bo‘lib o‘tdi va ustuvor tarmoqlarni oʻz ichiga olgan hujjatlar toʻplami imzolandi.
Forumda O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev, Saudiya Arabistoni Podshohligi investitsiyalar vaziri Xolid al-Falih, ikki mamlakatning vazirlik va idoralari hamda 100 dan ortiq yetakchi kompaniyalari rahbarlari ishtirok etdi.
Forumning ochilish marosimida delegatsiyalar rahbarlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil avgust oyidagi Saudiya Arabistoniga tashrifi so'nggi yillarda ijobiy rivojlanish dinamikasini namoyon etayotgan O‘zbekiston bilan Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi munosabatlarni yanada kengaytirishga kuchli turtki berganini alohida ta’kidladilar.
Jumladan, joriy yilning yanvar-noyabr oylarida ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 9 barobarga oshdi.
Investitsiyaviy hamkorlikda ham ijobiy o‘sish dinamikasi kuzatilmoqda – so‘nggi bir necha yil ichida O‘zbekistonda Saudiya Arabistoni kapitali ishtirokidagi kompaniyalar soni 5 barobarga oshdi. Saudiya kompaniyalari bilan birgalikda energetika, neft-kimyo, sog‘liqni saqlash, infratuzilmani rivojlantirish, farmatsevtika va qishloq xo‘jaligi sohalarida qiymati 17 milliard dollardan ortiq loyihalar amalga oshirilmoqda.
Forum yakunlari boʻyicha ustuvor tarmoqlarni oʻz ichiga olgan hujjatlar toʻplami imzolandi, ularning amalga oshirilishi Oʻzbekiston va Saudiya Arabistoni oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlik koʻlamini sezilarli darajada kengaytirish, yangi ish oʻrinlari yaratish va ikki mamlakat ishbilarmon doiralari oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikni yuqori darajada chiqarish imkonini beradi.






