O‘zbekiston-Saudiya ishbilarmonlar kengashining uchinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

2022-yilning 23 -mart kuni Toshkent shahridagi “International Hotel Tashkent” mehmonxonasida O‘zbekiston-Saudiya ishbilarmonlar kengashining uchinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi sarmoyaviy va savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirishning hal qiluvchi omili sifatida ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlash masalalari tadbirning asosiy mavzusi bo‘ldi.
Tadbirni O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Prezidiumi raisi, Ishbilarmonlar kengashining O‘zbekiston tomonidan hamraisi A.Ikramov kirish so‘zi bilan ochdi. U o‘z nutqida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi faol hamkorlik tufayli Saudiya Arabistoni va O‘zbekiston ishbilarmon doiralari o‘rtasida savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy sohalardagi qo‘shma hamkorlik jadal sur’atlarda oshib borayotganini ta’kidladi.
So‘ngra “ACWA Power” kompaniyasi raisi, Saudiya tomoni ishbilarmonlar kengashi hamraisi M.A.Abunayyan so‘zga chiqib, keyingi yillarda O‘zbekiston uchun ustuvor yo‘nalishlarda iqtisodiy sheriklikni izchil kengaytirishga jiddiy e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. O‘zbekistonda Saudiya Arabistoni investorlari uchun yaratilgan imkoniyatlar, o‘z navbatida, O‘zbekiston bilan Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlashga ulkan hissa qo‘shayotgani alohida ta’kidlandi.
Bugungi O‘zbekiston-Saudiya ishbilarmonlar kengashida ikki davlat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi.
Ta’kidlash lozimki, keyingi yillarda O‘zbekiston bilan Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy sohalardagi ikki tomonlama hamkorlik jadal rivojlanmoqda. Ayni paytda ikki davlat tadbirkorlari o‘rtasida qisqa muddatda istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda.






