O‘zbekiston va BAA o‘rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish yo‘llari muhokama qilindi

Joriy yilning 7 dekabr kuni Abu – Dabi shahrida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov BAA Bosh vazirining o‘rinbosari, Prezident ishlari bo‘yicha vazir Shayx Mansur bin Zoid Ol Nahayon bilan uchrashdi.
Muzokaralar chog‘ida investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikning hozirgi holati va uni chuqurlashtirishning istiqbollari muhokama qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil mart oyida BAAga tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishi ko‘rib chiqildi. Bu borada yuzaga kelayotgan masalalar hamda qo‘yilgan vazifalarni ijro etish uchun kelgusidagi o‘zaro hamkorlik mexanizmlari ko‘rib chiqildi.
Investitsiyaviy hamkorlik masalalarini muhokama qilar ekan, tomonlar O‘zbekiston iqtisodiyotiga jalb etilgan amirlik sarmoyalari hajmini oshirishning yuqori dinamikasi va amirlik kompaniyalari tomonidan loyihalarni amalga oshirishda erishilgan muvaffaqiyatlarni qayd etdi. Jumladan, Masdar kompaniyasi joriy yilning avgust oyida O‘zbekistonda birinchi quyosh elektr stansiyasini ishga tushirdi hamda hozirgi kunda uchta yangi quyosh elektr stansiyasi, xususan, 457 MVt quvvatga ega Sherobod QES, 220 MVt quvvatga ega Samarqand QES va 220 MVt quvvatga ega Jizzax QES qurilishi bo‘yicha o‘tkazilgan tenderlarda g‘olib bo‘ldi. O‘zbekistonda Masdar loyihalarining umumiy portfeli hozirda 2 mlrd dollardan ortdi, qurilayotgan elektr stansiyalarining umumiy ishlab chiqarish quvvati 2,5 GVtni tashkil etadi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro munosabatlarni yanada mustahkamlash, savdo hamda investitsiyaviy hamkorlikni diversifikatsiya qilish, BAAning yetakchi kompaniyalari qatoridan O‘zbekistonda loyihalarni amalga oshirish uchun yangi investorlarni jalb etishga sodiqligini bildirdilar. Bu, o‘z navbatida, ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy sheriklikning mavjud salohiyatidan to‘liq foydalanish imkonini beradi.






