O‘zbekiston va BCI hamkorligini kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi

Joriy yilning 14-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi, Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi raisi Tanzila Narbayeva “Better Cotton Initiative” (BCI) nodavlat notijorat tashkiloti menejeri Reychel Bekket bilan uchrashdi.
Uchrashuvda O‘zbekistonda majburiy mehnatga qarshi kurashish borasida amalga oshirilgan keng ko‘lamli ishlar natijasida o‘zbek paxtasiga qo‘yilgan boykot bekor qilingani, bu undan ishlab chiqarilgan mahsulotlarni jahon bozoriga chiqish imkoniyatini yana-da kengaytirgani alohida taʼkidlandi.
Konstruktiv va amaliy jihatlarni qamrab olgan muloqot davomida O‘zbekiston va “Better Cotton Initiative” o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
Xususan, O‘zbekiston paxta klasterlariga xalqaro standartlarni joriy etish, ularni tegishlicha litsenziyalashtirish hamda eng birinchilar qatorida mahalliy to‘qimachilik mahsulotlarimizda kuzatuvchanlik tizimini joriy etish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bundan tashqari, tomonlar BCIning Toshkentdagi vakolatxonasini tez kunlarda taʼsis etilishi yuzasidan kelishib oldilar.
Maʼlumot o‘rnida qayd etish joizki, BCI “paxta dalasidan sotuvgacha” bo‘lgan butun ishlab chiqarish jarayonini sertifikatlash bilan shug‘ullanadi. Tashkilotning mingdan ortiq aʼzosi mavjud bo‘lib, ular qatoriga H&M, Gap, IKEA, Levi Strauss, Zara, Hugo Boss, Adidas, Puma kabi 80 dan ziyod dunyoning eng yirik brendlari ham kiradi.






