O‘zbekiston va Koreya savdo-iqtisodiy hamkorlikning rivoji

Joriy yilning 18-21 oktabr kunlari Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining Ishchi guruhi Koreya Respublikasiga tashrif buyurib, Koreya vazirlik va idoralari vakillari, kompaniyalar rahbariyati bilan bir qator uchrashuv va muzokaralar o'tkazdi. Ularda ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yanada mustahkamlash istiqbollari muhokama qilindi. Bir qator tizimili kelishuvlar imzolandi.
Xususan, Savdo, sanoat va energetika vazirligi vakillari bilan o‘tkazilgan ishchi uchrashuvlarda O‘zbekiston Respublikasida savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlik istiqbollari, elektron tijoratni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Oxirgi besh yil ichida tovar ayirboshlash ikki baravarga oshib, 2021-yilda 1,8 milliard dollarga, 2022-yilning yanvar-avgust oylarida esa 1,6 milliard dollarga yetdi.
Ayni paytda O‘zbekistonda Koreya kompaniyalari bilan birgalikda umumiy qiymati 14 milliard dollardan ortiq bo‘lgan 100 ga yaqin investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Tomonlar dolzarb muammolarni hal etish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish maqsadida har oyda o‘tkaziladigan O‘zbekiston-Koreya virtual tijorat muloqotiga asoslangan yangi o‘zaro hamkorlik mexanizmini joriy etishga kelishib oldilar.
Koreyaning KTNet kompaniyalari va Koreya texnologiyalarni rivojlantirish instituti rahbariyati bilan o‘tkazilgan muzokaralarda “O'zbekistonda Milliy elektron savdo maydonchasini yaratish loyihasining 4-bosqichi” doirasida TradeUZ.com elektron savdo maydonchasini rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Shuningdek, Koreya Eksimbanki va Koreya Xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) bilan birgalikda umumiy qiymati 50,6 million dollar bo‘lgan 8 ta loyihani, shuningdek, 2022-2024 yillarga mo‘ljallangan Moliyaviy – texnik hamkorlik dasturi doirasidagi loyihalarni o‘z vaqtida amalga oshirish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.
Uchrashuvlar yakuni bo‘yicha muhokama qilingan loyiha va tashabbuslarni to‘liq amalga oshirish maqsadida koreyalik hamkorlar bilan hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha aniq amaliy chora-tadbirlar dasturi shakllantirildi.






