O‘zbekiston va Rossiya ikki tomonlama kelishuvlar ijrosini tezlashtirishni maqsad qilgan

Joriy yilning 1 fevral kuni Moskva shahrida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Rossiya Federatsiyasi sanoat va savdo vaziri D.Manturov bilan uchrashdi.

So‘nggi yillarda muntazam xarakterga ega bo‘lgan konstruktiv muloqot investitsiyaviy, sanoat, savdo-iqtisodiy sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikka oid keng ko‘lamli masalalarni atroflicha muhokama qilish imkonini berdi.

Ikki Davlat rahbarlarining uchrashuvi hamda undan oldin o‘tgan yilning noyabr oyida bo‘lib o‘tgan qo‘shma tadbirlar davomida erishilgan umumiy qiymati qariyb 7,5 milliard dollarlik 143 investitsiya loyihasi va 1,6 milliard dollarga teng bo‘lgan 455 savdo bitimining amalga oshirilishi ko‘rib chiqildi. Tomonlar loyihalar va shartnomalar hayotga joriy etilishining hozirgi holatini muhokama qilib, ularni ilgari surish bo‘yicha birgalikda amaliy chora-tadbirlar ishlab chiqishga kelishib oldilar.

Oldindan kelishilgan loyihalarni amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlash hamda metallurgiya, mashinasozlik va kimyo sanoati kabi istiqbolli tarmoqlarda investitsiyaviy hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini ishlab chiqishni nazarda tutgan holda O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan Rossiya Federatsiyasi Sanoat va savdo vazirligi o‘rtasida tashkil etilgan “Loyiha ofisi”ning faoliyati o‘rganildi. Tomonlar shakllantirilayotgan loyihalarni ko‘rib chiqishni tezlashtirishga, shuningdek ularni sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirishni ta’minlashga qaratilgan aniq mexanizm va muddatlar ko‘rsatilgan alohida “Yo‘l xaritalari”ni ishlab chiqish va tasdiqlashga kelishdilar.

Rossiya texnologiyalarining yuqori darajasi va O‘zbekistonda farmatsevtika yo‘nalishidagi xorijiy kompaniyalar faoliyati uchun yaratilgan qulay sharoitlar tufayli muhim ahamiyatga ega bo‘lgan farmatsevtika sohasidagi hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Ikki mamlakatning tegishli vazirliklari va ilmiy-tibbiyot markazlarini jalb qilgan holda bu boradagi qo‘shma ishlarni faollashtirishga kelishib olindi.

Birinchi navbatda investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy sohalardagi sheriklikni kengaytirishni nazarda tutib, Rossiya va O‘zbekiston hududlari o‘rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish borasida navbatdagi tadbirlar belgilandi. Yangi investitsiyaviy loyihalarni va savdo shartnomalarini hayotga tatbiq etish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish maqsadida joriy yilda Rossiya Federatsiyasining 42 ta sub’ektiga O‘zbekistonning barcha 14 ta hudud rahbarlarining biznes missiyalarini tashkil qilish, shuningdek, muntazam ravishda onlayn muzokaralar olib borish rejalashtirilayotgani ma’lum qilindi.

O‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha aniq kelishuvlarga erishish maqsadida to‘qimachilik, charm – poyabzal, oziq-ovqat, elektrotexnika va kimyo sanoati, qurilish materiallari va mashinasozlik, qishloq xo‘jaligi sohalarida O‘zbekiston kompaniyalari bilan hamkorlik qilishga qiziqayotgan Rossiyaning yirik importchilari va savdo tarmoqlari ishtirokida yaqin kelajakda maxsus missiyalarni tashkil qilish istiqbollari ham ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv yakunida ikki tomonlama hamkorlikning alohida yo‘nalishlari muhokama qilindi va ularning har biri bo‘yicha kelgusidagi qo‘shma sa’y-harakatlar belgilandi.