O‘zbekistonning 15 shahrida «Yangi Nafas» sport ommaviy yugurish musobaqasi o’tkazildi

13-noyabr kuni mamlakatimizning 15 shahrida 50 mingdan ziyod yuguruvchi ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ining 31 yilligi arafasida Yangi Nafas sport ommaviy yugurish musobaqasi bo‘lib o‘tdi.

Ushbu musobaqa Markaziy Osiyoda tashkillashtirilgan eng ommaviy sport tadbirlaridan biriga aylandi.

“Bir vatanda, bir vaqtda, bir masofaga, bir maqsadda – birga yuguramiz!” shiori ostida o‘tkazilgan musobaqada Аndijon, Buxoro, Guliston, Jizzax, Qarshi, Qo‘qon, Navoiy, Namangan, Nukus, Samarqand, Toshkent, Termiz, Urganch, Farg‘ona va Chirchiq aholisi ishtirok etdi. Toshkent shahrida ushbu musobaqa birdaniga 3 ta manzilda tashkil etildi: tajribali yugurish havaskorlari “Yangi Oʼzbekiston” parkida birlashgan boʼlsa, “Аshxobod” sayilgohida oilaviy ommaviy yugurish musobaqasi oʼtkazildi hamda besh mingga yaqin yugurish havaskorlari Humo Arena maydonida toʼplandi. Qurolli kuchlar akademiyasi kursantlarining musobaqalar trassasi boʼylab Oʼzbekiston Respublikasi davlat bayrogʼining 40 metrlik matosi bilan masofani bosib oʼtishi eng yorqin lahzalardan biriga aylandi.

Ta’kidlanishicha, tashkilotchilar imkoniyatlari cheklangan yuguruvchilar uchun trassa xavfsizligini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratdi.

Ma’lumot uchun, 85 ta oliy o‘quv yurtidan 27 mingdan ziyod talaba Yangi Nafas ommaviy yugurish musobaqasida ishtirok etishga muvaffaq boʼldi. Hamma ishtirokchilarga bayram ramzi tushirilgan futbolkalar, gʼoliblarga esa esdalik medallari va sovgʼalar topshirildi.

Musobaqa Sportni rivojlantirish vazirligi, Oliy va oʼrta maxsus taʼlim vazirligi, Mudofaa vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiya, Toshkent shahar hokimiyati, Yoshlar ishlari agentligi va boshqa tashkilotlar tomonidan tashkil etildi.