Olmaotadan O‘zbekistonga qaytishni xohlovchi fuqarolar ro‘yxati shakillantirildi

Ular “Uzbekistan airways” kompaniyasining navbatdagi reyslari orqali Vatanga qaytariladi. Shuningdek, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi qo‘shni Qozog‘istondagi vaziyatni muntazam ravishda kuzatib bormoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Qozog‘istondagi voqealar yuzasidan ma’lumot berdi. Uning bayonotiga ko’ra, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi qo‘shni Qozog‘istondagi vaziyatni muntazam ravishda kuzatib bormoqda.

O‘zbekistonning Qozog‘istondagi diplomatik vakolatxonalari – Nur-Sultondagi Elchixonasi, Olmaota va Aqtaudagi bosh konsulliklarida tezkor shtablar tashkil etildi.

Qiyin ahvolda qolgan fuqarolarga alohida e’tibor qaratilmoqda. Talabalar bilan aloqa o‘rnatildi. Ularga zarur yordam ko‘rsatish ishlari olib borilmoqda. Nur-Sulton shahridagi aeroportda parvozini kutayotgan fuqarolar issiq ovqat bilan ta'minlandi.

Qozog‘iston hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari bilan ularning qarindoshlari va yaqinlari o‘rtasida aloqa o‘rnatishda tezkor yordam ko‘rsatilmoqda.

Olmaotadan O‘zbekistonga qaytishni xohlovchi fuqarolar ro‘yxati tuzildi. Ular “Uzbekistan airways” kompaniyasining navbatdagi reyslari orqali Vatanga qaytariladi. Hozirda Olmaota aeroporti yopiqligicha qolmoqda.

O‘zbekistonning diplomatik va konsullik muassasalari Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari vakillari bilan joylarda doimiy aloqada bo‘lib turibdi. Hozirda O‘zbekiston fuqarolarining hibsga olingani haqida ma’lumot yo‘q.