OTMlarga o‘qishga kirish uchun beriladigan imtiyozlarning ro‘yxati yagona hujjatda shakllantiriladi

Prezidentning joriy yil 11-maydagi «Davlat boshqaruvi sohasida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf etish mexanizmlarini takomillashtirish va ushbu sohada jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra, endilikda OTMlarga o‘qishga kirish uchun beriladigan imtiyozlar umumiy kvotaga kiritilmaydi.

Belgilangan tartibga ko‘ra, OTM uchun imtiyozlar yagona ro‘yxat orqali shakllantiriladi.

Shuningdek, mazkur hujjatga ko‘ra, «Shaffof qurilish» milliy axborot tizimida fuqarolardan noqonuniy qurilish holatlari yuzasidan murojaatlarni onlayn qabul qilish imkoni yaratiladi.

Avtobekatlarda tadbirkorlik obyektlarini joylashtirishga ruxsat berishning shaffof elektron mexanizmlari yaratiladi.

2022-yil 1-sentabrdan boshlab, E-Anticor.uz elektron platformasida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, shu jumladan, ularning hududiy bo‘linmalari, davlat unitar korxonalari va muassasalari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori tashkilotlarning faoliyatida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni majburiy aniqlash va baholashni nazarda tutuvchi «Ye-Antikorrupsiya» loyihasi to‘liq ishga tushiriladi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan «Korrupsiyaga moyil bo‘lgan munosabatlar elektron reestri» («past», «o‘rta» va «yuqori» o‘lchovlarida) shakllantiriladi va internet tarmog‘ida ochiq e’lon qilib boriladi.