O’zbekistonlik o‘quvchi dunyoning 20 ta universiteti talabasi bo‘ldi

Navoiy viloyati Uchquduq tumanidagi 20-umumta’lim maktabi bitiruvchisi Abbos Ergashov maktab imtihonlari tugamasdanoq dunyoning eng nufuzli TOP-300 taligiga kiruvchi 20 ta oliygohning talabasi degan nomga sazovor bo‘ldi.
Xorijdagi universitetlar birinchi navbatda xalqaro talabalarning baholari, IELTS sertifikati, SAT sertifikati ballariga alohida e’tibor qaratadi.
9-sinfligidanoq ingliz tili va matematika fanlarini chuqur o‘rgangan Abbos Ergashov maktabni a’lo baholar bilan tugatish barobarida SAT xalqaro imtihonidan 1410 ballni qo‘lga kiritdi.
“Yutuqlarga avallo o‘qituvchilarimning mehnati bilan erishdim. O‘tgan yili AQSHning Temple universitetiga grant asosida o‘qishga kirgan akam Nurbekka havas qilib, o‘zim ham u ta’lim olayotgan universitetga hujjat topshirgan edim. Natijada universitetning 40 ming AQSH dollari miqdoridagi grantini qo‘lga kiritdim. Biroq men dunyoning eng nufuzli universitetlari orasida 54-o‘rinda turuvchi Pensilvaniya shtatidagi universitetda o‘qishni davom ettirish niyatidaman, deydi Abbos.






