Qirgʼiziston Prezidenti Sadir Japarov parlament delegatsiyalari rahbarlari bilan uchrashdi

Аvval xabar berilganidek, Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi Oʼzbekiston parlamenti delegatsiyasi Choʼlpon-Ota shahrida (Qirgʼizistonda) boʼlib oʼtgan Turkiy tilli mamlakatlar Parlament assambleyasining (TurkPА) XI yalpi majlisida ishtirok etdi.
Shu yil 24-iyun kuni Qirgʼiziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovning TurkPА majlisida ishtirok etayotgan parlament delegatsiyalari rahbarlari bilan qisqacha uchrashuvi boʼlib oʼtdi.
Qirgʼiziston rahbari Bishkek turkiy davlatlar bilan aloqalarni chuqurlashtirishga katta ahamiyat berayotganini va TurkPАga asos solgan davlatlardan biri sifatida ushbu parlamentlararo birlashma mamlakatlar oʼrtasidagi hamjihatlik va birdamlik namunasi sifatida shakllanishidan manfaatdor ekanini taʼkidladi.
Xususan, Prezident S.Japarov Oʼzbekiston bilan koʼp qirrali aloqalar jadal rivojlanib borayotganini, Prezident Sh.M.Mirziyoyevning saʼy-harakatlari va siyosiy irodasi tufayli oʼzaro aloqalar strategik hamkorlik xususiyatiga ega boʼlganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Davlat rahbari bilan uchrashuvda Qirgʼiziston Respublikasi Jogorku Keneshi Toragʼasi Talant Mamitov, Ozarbayjon Respublikasi Miliy Majlisi Raisi Sagiba Gafarova, Turkiya Respublikasi Buyuk millat majlisi Raisi Mustafo Shentop, Vengriya parlamenti raisi oʼrinbosari Shandor Lejak va Turkmaniston Milliy Gengeshi Xalk maslahati raisi oʼrinbosari Qosimguli Babayev ham ishtirok etdi.






