Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida 2022-yil 3-iyuldan 2-avgustgacha favqulodda holat joriy etildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 3-iyul kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasida bo‘ldi.

Ma’lumki, shu kunlarda mamlakatimizda muhim siyosiy jarayon – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha umumxalq muhokamasi davom etmoqda. Bu borada fuqarolarga o‘z fikri va xohish-irodasini erkin bildirish uchun barcha demokratik sharoitlar yaratilgan. Lekin ayrim g‘arazli kuchlar konstitutsiyaviy islohotlarga norozilik bahonasida tajovuzkorlik va zo‘ravonlik yo‘lini tanlab, vaziyatni izdan chiqarmoqchi bo‘ldi. 2022-yil 1-iyul kuni Nukus shahrida bir guruh shaxslar soxta shiorlarni o‘ziga niqob qilib olgan holda, fuqarolarning fikrini chalg‘itib, hokimiyat vakillarining qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan, tartibsizliklar keltirib chiqardi, mahalliy davlat hokimiyati organlari binolarini egallab olishga urindi.

Jamoat tartibini saqlash haqidagi talablarga quloq solmasdan, ular 2-iyul kuni ham buzg‘unchilik ishlarini davom ettirgan. Bu yurish mobaynida Nukusdagi infratuzilma ob’ektlariga sezilarli zarar yetkazilgan. Binolarning oynalari sindirilib, yong‘inlar sodir etilgan. Bir nechta guruhlar qurol-yarog‘larni qo‘lga kiritish maqsadida Nukus shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi va Milliy gvardiya boshqarmasi binolarini egallashga uringan. Son jihatidan ustunlikdan foydalanib, huquq-tartibot organlari xodimlariga hujum qilgan, ularni ayovsiz kaltaklab, og‘ir tan jarohatlari yetkazgan.

Afsuski, buning oqibatida tinch aholi va huquq-tartibot organlari xodimlari orasida qurbonlar ham bo‘ldi.

Shu bois davlatimiz rahbarining farmoniga muvofiq, fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash, ularning huquq va erkinliklarini himoya qilish, qonuniylik va huquq-tartibotni tiklash maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida 2022-yil 3-iyuldan 2-avgustgacha favqulodda holat joriy etildi.

3-iyul kuni Nukus shahrida Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilish avvalida Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududining komendanti favqulodda holat bo‘yicha axborot berib, vaziyat to‘liq nazoratga olinganini ta’kidladi.

Videoselektor tarzida o‘tkazilgan yig‘ilishda davlat rahbari barcha tumanlar mutasaddilari bilan muloqot qildi. Ular fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash, qonuniylik va huquq-tartibotni mustahkamlash bo‘yicha joylarda ko‘rilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan axborot berdi. Prezidentning kechagi murojaatidan keyin vaziyat barqarorlashgani, hayot o‘z maromiga qaytayotganini aytishdi.

Davlatimiz rahbari Nukus shahridagi Jeketerak mahallasida bo‘lib, xalq bilan ham muloqot qildi.