Qozogʼiston Senati Raisi M.Аshimbayev boshchiligidagi delegatsiya Toshkentga tashrif buyurdi

Bugun 3 iyun kuni Qozogʼiston Respublikasi Parlamenti Senati Raisi M.Аshimbayev boshchiligidagi delegatsiya maxsus samolyot bilan Toshkent shahriga yetib keldi.
Islom Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroportida delegatsiyani Oliy Majlis Senati Raisining birinchi oʼrinbosari S.Safoyev hamda Qozogʼiston Respublikasining Oʼzbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi D.Satibaldi kutib oldilar.
Yuqori martabali mehmonlar “Hilton Tashkent City” mehmonxonasiga joylashganlaridan soʼng, Toshkent shahridagi mustaqillik maydoniga tashrif buyurishdi hamda “Mustaqillik va ezgulik” monumenti poyiga gul qoʼyish marosimida ishtirok etishdi.
Keyingi manzilda rasmiy qism boshlandi hamda delegatsiya aʼzolari “Simpoziumlar saroyi”ga tashrif buyurishdi. Bu yerda ikki Senat Raislari, Qozogʼiston Respublikasi Parlamenti Senati Raisi M.Аshimbayev va Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi T. Norboyeva uchrashuv oʼtkazdilar. T.Norboyeva mehmonlarni samimiy iliq soʼzlar bilan qarshi oldi hamda ikki davlat Senatlari oʼrtasidagi hamkorlik kelgusida oʼzining ijobiy samaralarini berishi haqida soʼz yuritdi.
Uchrashuv soʼnggida ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi boʼlib oʼtdi.
Tashrif davomida yuqori martabali mehmonga Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʼrinbosari S.Safoyev doimiy hamrohlik qiladi.
Eslatib oʼtamiz, tashrif ikki kun davom etadi.