Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqaev yirik biznes vakillari bilan uchrashdi

Qozog‘iston rahbari Qosim-Jomart Toqaev tadbirkorlar bilan uchrashuvda xalqaro auditorlar ma’lumotlariga tayanib, mamlakat boyligining yarmi bor-yo‘g‘i 162 kishiga tegishli ekanligini ma’lum qildi. «Boylar va kambag‘allar o‘rtasidagi tafovut qabul qilib bo‘lmaydigan darajaga yetdi… Daromaddagi bu tabaqalanish yoqilgan gugurt va porox bochkasi rolini o‘ynadi», — deya ta’kidladi. Shuningdek, Prezident mamlakatning yangi iqtisodiy yo‘nalishini taqdim etdi.
«E’lon qilinayotgan ijtimoiy-iqtisodiy kun tartibi va ishlarning haqiqiy holati o‘rtasidagi nomutanosiblik keskin tus oldi. Aynan shuning uchun zudlik bilan iqtisodiy siyosatni «qayta yuklash» bo‘yicha birgalikdagi ishimizga kirishishimiz kerak. Biz yangi «o‘yin qoidalari»ni belgilab olishimiz kerak. Yanada halol, oshkora va adolatli», — dedi Qozog’iston rahbari.
Qosim-Jomart Toqaev ishbilarmon doiralarni Yangi Qozog‘istonning asosiga aylanishi kerak bo‘lgan yangi iqtisodiy siyosatni barpo etish bo‘yicha hamkorlikni boshlashga chaqirdi. Taqdimotda quyidagi asosiy tamoyillar belgilab berildi
halol raqobat;
qabul qilingan qarorlarning shaffofligi;
davlat siyosatining oldindan ayta olinishi;
biznesning soliq halolligi;
tadbirkorlarning ijtimoiy mas’uliyati.
Davlat rahbari tadbirkorlarni vatanparvarlik va ijtimoiy mas’uliyatni namoyon etishga va iqtisodiyotni o‘zgartirish uchun kapital, tajriba, boshqaruv jamoalari va bozorni aniq tasavvur qilish kabi resurslarni iqtisodiyotni qayta shakllantirishga yo‘naltirishga chaqirdi.
Shuningdek, Toqaev mamlakatning yangi iqtisodiy yo‘nalishining asosini tashkil etishi lozim bo‘lgan asosiy tamoyillarga batafsil to‘xtalib o‘tdi.
Birinchisi, uning fikricha, xususiy mulk daxlsizligi. Bu masalada shaffof va adolatli sud kafil bo‘lishi kerak.
Yangi iqtisodiy yo‘nalishning ikkinchi komponenti — investitsiya muhiti. Prezident davlat barcha investitsiya majburiyatlarini so‘zsiz bajarishini yana bir bor ta’kidladi. Shu bilan birga, u tadbirkorlarga o‘z davlatiga sarmoya kiritishga chaqirdi.
Prezident nutqida qayd etilgan uchinchi tamoyil — halol raqobatdir.
Bundan tashqari, ma’ruzada yirik korxonalarning soliq va hisobotlarini tartibga solish zarurligi haqida so‘z bordi.
Toqaev davlat xaridlarini isloh qilish mavzusiga ham to‘xtaldi.
Davlat rahbari tomonidan qo‘yilgan oltinchi vazifa — davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini qisqartirish.
Yangi iqtisodiy yo‘nalishning yettinchi elementi ma’muriy to‘siqlarni kamaytirish bo‘lishi kerak deya qayd etildi.
Prezident xulosa o'rnida, davlat idoralari va biznes o‘rtasidagi muloqot hukumat va biznes o‘rtasida konsensusni ta’minlashi kerakligini ta’kidladi.






